AQShning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan general Xitoy mudofaa vaziri bo‘ldi

Li Shanfu Mudofaa vazirligi rahbari lavozimida 69 yoshli Vey Fenxening o‘rnini egalladi.
Sputnik
TOShKENT, 12 mar — Sputnik. Butunxitoy xalq vakillari kongressi AQShning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan 65 yoshli general Li Shanfuni mudofaa vaziri lavozimiga tasdiqladi.
Li Shanfu Mudofaa vazirligi rahbari lavozimida 69 yoshli Vey Fenxening o‘rnini egalladi.
Li Shanfu Sichan kosmodromida 30-yildan ortiq ishlagan, jumladan, o‘n yil davomida uning direktori bo‘lgan. 2016-2017 yillarda Xitoy Xalq-ozodlik armiyasining strategik qo‘llab-quvvatlash kuchlari qo‘mondoni o‘rinbosari, 2017-2022 yillarda esa Markaziy harbiy komissiyaning qo‘shinlarni tayyorlash va ta’minlash bo‘limiga rahbarlik qilgan.
2018 yilda AQSh moliya vazirligi generalga qarshi sanksiyalar kiritdi. Bunga Rossiya bilan harbiy hamkorlik, jumladan, Rossiya samolyotlari va S-400 raketa tizimlarini sotib olish bo‘yicha kelishuvlar sabab bo‘lgan. Kuzatuvchilarga ko‘ra, bu fakt harbiy sohada AQSh-Xitoy aloqalarini ancha noqulay holatga tushirishi mumkin.