TOShKENT, 11 mar — Sputnik. Toshkent shahrida 703 ta transformator punkti yangilanadi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan PQ–91-sonli qarorda nazarda tutilgan.
Qarorga ko‘ra, Yunusobod, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Yangihayot tumanlarida umumiy quvvati 664 MVA bo‘lgan 5 ta 110 kV kuchlanishli podstansiya hamda 49,6 km uzunlikdagi 35 kV va 110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari quriladi.
Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor va Mirobod tumanlaridagi 4 ta podstansiya rekonstruksiya qilinib, ularning o‘tkazish quvvati 179 MVAga oshiriladi.
Eskirgan 7,5 km uzunlikdagi 35 kV va 41,7 km uzunlikdagi 110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari zamonaviy turdagi kabel va simlarga almashtiriladi.
Shuningdek, qaror bilan:
2023 – 2025-yillarda Toshkent shahrining past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yangilash dasturining maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi;
Dastur doirasida jami 2 969,8 km past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari hamda 703 ta transformator punkti yangilanadi;
Shuningdek, respublikaning boshqa hududlaridagi elektr tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha rejalar ishlab chiqiladi.