TOShKENT, 11 mar — Sputnik. O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Rossiyaning “Lukoyl” kompaniyasi qo‘shma loyihalar samaradorligini oshirishga kelishib oldi, deb yozmoqda RIA Novosti.
Juma kuni O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Kudbiyev “Lukoyl” kompaniyasi vakillari, Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqining energetika siyosati va energiya samaradorligi qo‘mitasi raisi Vagit Alegperov bilan uchrashdi.
Yig‘ilish ishtirokchilari qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelgusi rejalarni muhokama qilishgan.
“Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va mavjud loyihalar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich kuchaytirishga kelishib oldilar”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Uchrashuvda tomonlar “tabiiy gazga uzluksiz talabni ta’minlash, xalqaro tajriba asosida energetika sohasida qulay raqobat muhitini yaratish” chora-tadbirlariga to‘xtaldi.
“Lukoyl” kompaniyasi ayni paytda O‘zbekiston bilan ikkita umumiy loyiha – “Qandim-Xauzak-Shodi” va Hisor bo‘yicha ishlamoqda.
“Lukoyl” O‘zbekistondagi asosiy Rossiya investorlaridan biri hisoblanadi. Uning mamlakatdagi barcha loyihalarga jami sarmoyasi 10 milliard dollardan oshdi.