TOShKENT, 11 mar — Sputnik. Bu yil maktab o‘quvchilarining yakuniy imtihonlarida kreativ va mantiqiy fikrlashga yo‘naltirilgan topshiriqlardan foydalaniladi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Ta’lim muassasalarida o‘quv mashg‘ulotlari 25-mayga qadar davom etadi. May va iyun oylarida maktab o‘quvchilarining yakuniy nazorat imtihonlari bo‘lib o‘tadi.
9-sinf o‘quvchilari uchun Jismoniy tarbiya fanidan imtihonlar joriy yilning 1-6 may kunlari o‘tkaziladi. Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab, maktab-internatlari hamda skolioz bilan kasallangan bolalar uchun sanatoriy turidagi maktab-internatlari bundan mustasno.
Shuningdek, 9- va 11-sinflar uchun yakuniy (bitiruv) nazorat imtihonlari 26-maydan 15-iyunga qadar tashkil etiladi.
Umumta’lim fanini bilish darajasi to‘g‘risida davlat namunasidagi sertifikat hamda chet tili fanlari bo‘yicha kamida V1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan o‘quvchilar imtihonlarda muayan fandan ozod etiladi.
Imkoniyati cheklangan maktab-internatlarida tahsil oladigan alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchilarga ushbu umumta’lim muassasalariga qo‘yilgan talablar asosida o‘tkaziladi.
Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ta’lim beriladigan barcha tillarda imtihonlar o‘tkaziladigan fanlar bo‘yicha bitiruvchi sinf o‘quvchilari uchun namunaviy imtihon materiallarini hamda baholash mezonlarini tayyorlashni Respublika ta’lim markazi amalga oshiradi.
Imtihon materiallarini ishlab chiqishda umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun kreativ va mantiqiy fikrlashga yo‘naltirilgan topshiriqlar kiritilishi inobatga olinadi hamda topshiriq namunalari 1-aprelga qadar vazirlikning rasmiy sahifalarida e’lon qilinadi.
Quyidagi havola orqali bosqichli va yakuniy nazorat imtihonlari o‘tkaziladigan fanlarning ro‘yxati hamda tartibi bilan tanishish mumkin.