O‘zbekistonda 5G texnologiyasini joriy etish ishlari boshlandi

Mart oyidan boshlab mobil Internet tezligini oshirish va butun mamlakat bo‘ylab 5G texnologiyasini joriy etish loyihasini amalga oshirish ishlari boshlandi.
Sputnik
TOShKENT, 10 mar — Sputnik. O‘zbekistonda mart oyidan boshlab mobil Internet tezligi oshiriladi va butun mamlakat bo‘ylab 5G texnologiyasi joriy etiladi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda "O‘zbektelekom" AK axborot xizmati rahbari Temur Mamajonov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mart oyidan boshlab mobil Internet tezligini oshirish va butun mamlakat bo‘ylab 5G texnologiyasini joriy etish loyihasini amalga oshirish ishlari boshlandi.
Loyiha doirasida mavjud tayanch stansiyalari modernizatsiya qilinib, yangilari o‘rnatiladi.
“Butun mamlakat bo‘ylab 3 000 dan ortiq mavjud tayanch stansiyalarini eng so‘nggi texnologiyalar bo‘yicha yangilash, shuningdek, 2 000 dan ortiq yangi tayanch stansiyalarini qurish va ishga tushirish maqsad qilingan. Bu O‘zbekiston bo‘ylab mobil aloqa sifatini yaxshilash, LTE standartidagi mobil internet tezligi hamda uning qamrovini oshirish imkonini beradi”, - deydi Temur Mamajonov.
Loyihaning birinchi bosqichida 5G tarmog‘i bilan Toshkent shahrini to‘laqonli qamrab olish, shuningdek, respublika viloyat markazlari qisman qamrab olinishi ta’minlanadi.
Ishlar yakuniga etgach, respublika bo‘ylab 5G texnologiyasini joriy etishning keyingi bosqichlari tahlil qilinadi.
“O‘zbekistonda birinchi marta flagman smartfonlar, jumladan, iPhone egalari 5G texnologiyasidagi mobil internetdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. UZTELECOM O‘zbekistonda mazkur qurilmalar foydalanuvchilariga beshinchi avlod aloqa imkoniyatlaridan foydalanish imkonini beruvchi birinchi operator bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qildi u.
Ma’lumot uchun, 5G aloqalarining sinovdan o‘tkazilishi 2019-yilda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. Ayni damda 5G tarmog‘i negizida muvaffaqiyatli boshlangan “Aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihasi, turizm salohiyatini yanada oshirish maqsadida Samarqand shahrida 5G tarmog‘i ishga tushirilgan.