Deputatlar Konstitutsiyaviy qonun loyihasini qabul qilishdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi o‘z ishini yakunladi. Majlis yakunida deputatlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi qabul qilindi.
Sputnik
TOShKENT, 10 mar — Sputnik. Deputatlar “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini qabul qilishdi, deya xabar berdi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi o‘z ishini yakunladi.
Majlisda yangilangan Konstitutsiya ijtimoiy, demokratik-huquqiy va chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratishi, aholi farovonligini oshirishi, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirishi va hayotning barcha sohalarini liberallashtirishda muhim omil bo‘lishi hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab berishi qayd etildi.
Majlis yakunida deputatlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi qaror qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, Konstitutsiya to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha Referendum 2023-yil 30-aprel, yakshanba kuni o‘tkaziladi.