TOShKENT, 9 mar — Sputnik. Rossiya Qurolli kuchlari tomonidan Bransk viloyatida uyushtirilgan teraktga javoban Ukraina harbiy infratuzilmasiga keng ko‘lamli raketa zarbalari berildi, deyilgan Mudofaa vazirligining maxsus operatsiyaning borishi haqidagi axborotida.
“Yuqori aniqlikdagi uzoq masofaga uchuvchi havo, dengiz va quruqlikdagi raketalar, jumladan “Kinjal” gipertovushli raketa tizimi Ukraina harbiy infratuzilmasining asosiy elementlariga, harbiy-sanoat kompleksi korxonalariga, shuningdek, ularni ta’minlovchi energetika obyektlariga zarba berdi”, — deyilgan xabarda.
Raketa zarbalari bilan dushman dronlar bazasi yo‘q qilindi, Ukraina QK zaxira kuchlarini o‘tkazish va chet el qurollarini temir yo‘l orqali tashish to‘xtatildi, shuningdek, harbiy texnikani ta’mirlash va o‘q-dorilar ishlab chiqarish uchun ishlab chiqarish obyektlarini yaroqsiz holga keltirildi.
Bugun kunning birinchi yarmida Ukrainaning bir qancha hududlaridagi infratuzilma zarbalarga uchradi. Energetika vaziri German Galushchenkoning ta’kidlashicha, Kiyev, Nikolayev, Xarkov, Odessa, Dnepropetrovsk va Jitomir viloyatlari, shuningdek, Zaporoje viloyatining Kiyev nazorati ostidagi qismidagi obyektlar o‘qqa tutildi. Ukrainaning DTEK energetika xoldingining xabar berishicha, uchta issiqlik elektr stansiyasi jiddiy shikastlandi.
Ukraina OAVlarining yozishicha, portlash ovozlari Krivoy Rog, Sumi, Vinnitsa, Lvov va Ivanovo-Frankovsk viloyatlarida ham eshitildi. Butun mamlakat bo‘ylab havo trevogasi e’lon qilindi.
2 mart kuni ertalab Ukraina diversiya-razvedka guruhi Bransk viloyati Klimovskiy tumani hududiga bostirib kirdi. Hujumchilar kamida ikkita mashinaga qarata o‘q uzishdi, ikkala haydovchi halok bo‘ldi. Bundan tashqari, o‘n yoshli bola jarohat oldi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu hujumni terakt deb atadi. FXX ma’lumotlariga ko‘ra, jangarilar Ukraina hududiga siqib chiqarilgan va u yerda ularga artilleriya zarbasi berildi.