TOShKENT, 9 mar — Sputnik. Toshkent metrosining "Yer usti halqa yo‘li" yo‘nalishidagi "Qo‘yliq" metro bekati vaqtincha yopiladi. Bu haqda Toshkent metropoliteni xabar berdi.
Aytilishicha, hozirda "Yer usti halqa yo‘li" yo‘nalishi 6- va 7-bekatlari oralig‘idagi yer ustki qismida Farg‘ona yo‘li ko‘chasidan Qo‘yliq dehqon bozori tomon qurilayotgan avtomobil yo‘l o‘tkazgichining qurilish ishlari yakunlanmoqda.
"Shu munosabat bilan metroning 7-bekati (Qo‘yliq) 11-mart kunidan 18-mart kuniga qadar yo‘lovchilariga vaqtincha xizmat ko‘rsatmaydi", - deyilgan xabarda.
"Yer usti halqa yo‘li" yo‘nalishida poyezdlar harakati "Do‘stlik-2" bekati bilan 6-bekat oralig‘ida tashkil etiladi. Yo‘lovchilar uchun esa 6- va 7-bekat oralig‘ida qo‘shimcha avtobus harakati yo‘lga qo‘yiladi.