Gulistonda yana uch egizak dunyoga keldi

Uch egizak qizaloq — Fotimaxon 2,2 kg, Zuhraxon 2,5 kg, Zahroxon 2,2 kg vazn bilan dunyoga keldi.
Sputnik
TOShKENT, 9 mar — Sputnik. Gulistonda yana uch egizak dunyoga keldi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni Sirdaryo viloyatining Guliston shahridan bo‘lgan Maqsuda Karimova va uning oila a’zolari uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi. Bayram arafasida bu xonadonda yashovchilar safiga biryo‘la 3 egizak qo‘shildi.
Maqsuda Karimova 35 yoshni qarshiladi. U avvalroq Guliston shahar tibbiyot birlashmasining akusherlik kompleksiga yotqizilgan. Bu yerda tug‘uruq jarayoni mahoratli shifokorlar nazorati ostida muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Natijada biryo‘la uch egizak qizaloq — Fotimaxon 2,2 kg, Zuhraxon 2,5 kg, Zahroxon 2,2 kg vazn bilan dunyoga keldi.

“Ayni paytda onaning ham, chaqaloqlarning ham salomatligi yaxshi. Tajribali mutaxassislar nazorati ostida parvarish jarayoni davom ettirilmoqda”, - deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, bir oy avval ayni shu muassasada Boyovut tumanida istiqomat qiluvchi Irodaxon Mamatqulova ham uch egizakni dunyoga keltirgan edi.