TOShKENT, 8 mar - Sputnik. Gruziya poytaxtida bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishi chog‘ida xavfsizlik kuchlari mayda bezorilik va politsiyaga bo‘ysunmaganlik uchun 66 kishini hibsga oldi, deb xabar qildi RIA Novosti mamlakat IIVga asosan.
Mamlakat IIV ma’lumotlariga ko‘ra, namoyishchilar yondiruvchi aralashmalar va tosh otganidan so‘ng politsiya rezina o‘q va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan. IIVning 50 nafar xodimi tan jarohati olgan, ularning bir nechasiga jarrohlik aralashuvi talab qilingan, ular haligacha tibbiyot muassasalarida. Aksiya davomida fuqarolar ham jabr ko‘rdi.
Gruziya parlamenti tomonidan xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun birinchi o‘qishda qabul qilinganidan so‘ng seshanba kuni Tbilisi markazida tartibsizliklar boshlangan edi.
Muxolifatchilarning fikricha, qonun loyihasi tartibga solishning ruscha versiyasiga o‘xshaydi va mamlakatni Yevropa Ittifoqidan uzoqlashtiradi.
“Chet el ta’sirining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Gruziyada nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va xorijiy davlatdan mablag‘ oluvchi subyektlar reyestrini yaratishni nazarda tutadi. Parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etuvchi “Gruziya orzusi” partiyasi vakillari jurnalistlarga yangi qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlash niyatida ekanliklarini, agar prezident Salome Zurabishvili ushbu qonunga veto qo‘ysa, deputatlar uni yengib o‘tishga harakat qilishlarini aytishdi.