TOShKENT, 7 mar ー Sputnik. Rossiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 2022-yil oxirida sakkiz yil ichida maksimal darajaga yetdi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Xususan, Rossiyadan Yevropaga tovarlar eksporti tarixiy maksimal darajada bo‘lgan, RIA Novosti Yevrostat ma’lumotlari asosida hisoblab chiqqan.
Rossiyadan Yevropa Ittifoqiga tovarlar eksporti o‘tgan yil davomida 25% ga o‘sdi va 203,4 milliard yevroga yetdi. Bu 2012-yildagi tarixiy maksimal ko‘rsatkichdan (203,6 milliard yevro) atigi 230 millionga kam.
Shu bilan birga, YeIdan Rossiyaga import 38,1 foizga kamayib, 2005-yildan beri qayd etilgan eng past darajaga – 55,2 milliard yevroni tashkil qildi.
Biroq Rossiyaning YeIdan tovarlar importining bunday kamayishi uning 2014-yildan beri eng yuqori savdo darajasiga yetishiga to‘sqinlik qilmadi: u yil davomida 2,3 foizga o‘sib, 258,6 milliard yevroni tashkil qildi.
Natijada yil yakunida YeIning Rossiya bilan savdo aylanmasidagi kamomad 148,2 milliard yevroni tashkil etib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘p bo‘ldi.
Ma’lumot uchun, Ukrainada maxsus operatsiya boshlanganidan so‘ng YeI davlatlari allaqachon Rossiyaga qarshi 10 ta sanksiyalar paketini qabul qildi. Umuman olganda, yangi cheklovlarni hisobga olgan holda YeI 2021-yil ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaga eksport qilinadigan mahsulotlarning deyarli yarmiga (49 foiz) qarshi sanksiyalar kiritdi.
Rossiya rahbari Vladimir Putin ta’kidlaganidek, Rossiyani jilovlash va zaiflashtirish siyosati G‘arbning uzoq muddatli strategiyasi bo‘lib, uning asosiy maqsadi millionlab odamlar hayotini yomonlashtirishdir. Shunga qaramay, davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning moliyaviy barqarorligiga putur yetkazishning iloji bo‘lmadi va Yevropaning o‘zi ham sanksiyalarning boshi berk ko‘chasiga kirib qoldi.