TOShKENT, 7 mar — Sputnik. Navro‘z bayrami munosabati bilan 2023-yil 19-23 mart kunlari aholining dam olish kunlarini maroqli tashkil etish hamda ichki turizm yo‘nalishida sayohatlarga jalb qilish maqsadida respublika bo‘ylab chegirmalar joriy etildi. Bu haqda Madaniyat va turizm vazirligi ma’lum qildi.
Madaniy meros agentligi ham bayram kunlarida agentlik tizimidagi davlat muzeyi hamda direksiyalarning chiptalariga 10 foiz chegirma berilishini e’lon qildi.
Shu bilan birga, "Vaqf" xayriya jamoat fondiga qarashli va pullik kirish chiptalari joriy qilingan madaniy meros obyektlarida (ziyoratgoh va qadamjolar) 18–22 mart kunlari kirish chiptalar narxiga kattalar uchun 20 foizlik hamda yoshlar uchun 50 foizlik chegirmalar e’lon qilindi.
Avvalroq "Uzbekistan Airways" Navro‘z bayrami munosabati bilan chegirma e’lon qilgani xabar qilingan edi.