TOShKENT, 7 mar — Sputnik. Rossiyalik saksafonchi, Rossiya xalq artisti Igor Butman Toshkentda bo‘lib o‘tadigan VII xalqaro jaz festivalida ishtirok etadi, deya xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Festival 25-apreldan 13-maygacha o‘tkaziladi. U konsertlar o‘tkazish uchun O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlardan musiqachilarni birlashtirish, mahorat darslari va ijodiy uchrashuvlar o‘tkazish, madaniy hamkorlik maydonini yaratish maqsadida tashkil etilmoqda.
Tadbir tashkilotchilari Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hisoblanadi.
Festivalda, shuningdek, Gregori Porter, Til Brenner, El Di Meola, Take 6, De-Phazz kabi taniqli musiqachilar va boshqa taniqli ijrochilar ham o‘z chiqishlari bilan ishtirok etishadi.
Ma’lumot uchun, Igor Butman haqli ravishda rus jaz san’atining jahon sahnasidagi asosiy elchisi hisoblanadi. 1999-yilda u jahonga mashhur Moskva jaz orkestriga asos solgan, uning tarkibiga taniqli jaz musiqachilari kiradi. Orkestr o‘z faoliyati davomida dunyodagi yetakchi orkestrlardan biriga aylandi va o‘zini Rossiyada jaz san’ati rivojlanishining asosiy katalizatori sifatida namoyon qildi.
20 yil davomida musiqachilar Yevropa, Osiyo va Amerikaning eng nufuzli festivallarida muntazam chiqish qilib kelishmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mashhur rus saksofonchisi Igor Butman o‘tgan yilning may oyida Moskva jaz orkestri bilan O‘zbekistonga kelgan edi. Musiqachi Toshkentda mahalliy saksafonchilar uchun mahorat darsi o‘tkazgan.