TOShKENT, 6 mar — Sputnik. Rossiya Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar paketini tayyorlamoqda. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi prezidentining ShHT ishlari bo‘yicha maxsus vakili Baxtiyor Hakimov ma’lum qildi.
“Hozirda ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining o‘tgan yilning sentabr oyida Samarqandda bo‘lib o‘tgan sammitida Rossiya tashabbusi bilan qabul qilingan qarorga muvofiq, ShHT faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, — dedi Hakimov.
Uning ta’kidlashicha, gap ShHTni tubdan o‘zgartirish haqida emas, balki allaqachon shakllangan mexanizmlarni qayta formatlash haqida bormoqda.
“Masalan, to‘plangan tajribani o‘rganish jarayonida ma’lum bo‘ldiki, tadbirlarni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha amaldagi amaliyot biz o‘z oldimizga qo‘ygan vazifalarga to‘liq javob bermayapti. Tashqi ishtirokchilar – ShHT kuzatuvchilari va muloqot bo‘yicha hamkorlar, shuningdek, boshqa manfaatdor davlatlar qo‘shma amaliy faoliyatga samarali jalb etilishi uchun ishni qanday to‘g‘ri tashkil etish haqida o‘ylash zarurligi haqida umumiy tushuncha paydo bo‘ldi”, — deya qo‘shimcha qildi Hakimov.
Uning aytishicha, ShHTga yangicha qarash, ayniqsa, xalqaro hamjamiyatning unga bo‘lgan e’tibori ortib borayotgan bir sharoitda muhim ahamiyat kasb etadi. Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda sakkiz davlat tashkilotning o‘zagini tashkil etadi, biroq Eron va Belarus tez orada ularga qo‘shiladi.
ShHT 2001-yilda tashkil etilgan xalqaro tashkilotdir. Unda Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Pokiston va O‘zbekiston ishtirok etadi. Kuzatuvchi davlatlar – Afg‘oniston, Belarus, Eron va Mo‘g‘uliston, hamkor davlatlar – Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja, Nepal, Turkiya va Shri-Lanka. Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida Misr va Qatarga muloqot bo‘yicha hamkor maqomini berish bo‘yicha memorandumlar imzolandi. Bahrayn, Maldiv orollari, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari va Myanma ham muloqot bo‘yicha hamkor maqomini oladi.