TOShKENT, 6 mar - Sputnik. Turkiyada 24 kun davomida zilzila oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan O‘zbekiston Mudofaa vazirligining malakali harbiy xizmatchilari Toshkentga qaytib keldi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Mudofaa vazirligining malakali harbiy xizmatchilaridan iborat tibbiy otrad 8-fevral kuni Turkiyaga jo‘nab ketgan edi.
Shu vaqt davomida ular jami 3860 nafar fuqarolarga tibbiy yordam ko‘rsatdi, ulardan 1795 nafarini erkaklar, 1177 nafarini ayollar va 888 nafarini bolalar tashkil etdi.
6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqidagi Kaxramanmarash viloyatida 9 soatlik interval bilan 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalar sodir bo‘ldi. Rasmiylar bu misli ko‘rilmagan “asr falokati” ekanini aytdi. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, zilzilalar qurbonlari soni 45 mingdan oshdi.