TOShKENT, 6 mar - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Oliy Majlis deputatlari, Senat a’zolari va Oliy sud rahbariyati ishtirokida Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalar yuzasidan maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va davlat boshqaruvi sohalariga oid o‘ta muhim o‘zgarishlar aks etgan ushbu qonun loyihasini referendumga qo‘yishdan avval deputatlar va qonunchilik tashabbusiga ega subyektlar ishtirokida maslahatlashuvlar o‘tkazilmoqda.
Bunda parlament va hukumat, jamoatchilik vakillari qonun loyihasiga o‘z takliflari va fikr-mulohazalarini bildirmoqda. Shuningdek, mazkur qonun loyihasi Konstitutsiyaviy sud tomonidan alohida ko‘rib chiqilishi va xulosa berilishi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaga o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritish o‘tgan 2022-yilda boshlangan edi. O‘shanda maxsus tashkil etilgan sayt orqali jamoatchilik tomonidan yuborilgan takliflar jamlangan va saralangan edi. Shundan so‘ng deputatlar, mutaxassislar va ekspertlar ko‘magida Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining yakuniy tahriri tayyorlangan edi.