TOShKENT, 6 mar — Sputnik. O‘zbekistonlik bokschi Elnur Abduraimov Meksikadagi boks oqshomida mag‘lubiyatga uchradi. Bu bokschi uchun professional boksdagi dastlabki mag‘lubiyat bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston professional boks federatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu jangda Abduraimovga mezbon bokschi Anxel Daniel Garsiya Molina raqiblik qildi. O‘n raundga mo‘ljallangan jang 7-raundda to‘xtatildi. 7-raundga kelib o‘zbekistonlik bokschining murabbiylari jangni davom ettirmaslikni ma’lum qilishdi. Bunga Abduraimovning ikkinchi raundda qo‘lidan olgan jarohati sabab bo‘lgan.
Bungacha Abduraimov 10 ta jangning barchasida g‘alaba qozongan (9 ta nokaut). Meksikalik Molina esa 15-jangida 15-g‘alabasini qo‘lga kiritdi va IBF North American kamari egasiga aylandi.