TOShKENT, 5 mar — Sputnik. Ukraina qo‘shinlari Zaporojye viloyatining ozod qilingan hududiga hujum qilish uchun zarba beruvchi kuchlarni tuzmoqda. Bu haqda “Biz Rossiya bilanmiz” harakati raisi, viloyat ma’muriyati bosh kengashi a’zosi Vladimir Rogov ma’lum qildi.
“Gap Azov dengizi sohiliga yetib borish uchun Zaporojye viloyatining ozod qilingan qismiga bahorgi hujumga tayyorgarlik ko‘rish haqida ketmoqda. Asosiy vazifa - guruhimizni bo‘lib, Qrimga quruqlik yo‘lagini kesib tashlash”, - deydi u.
Rogovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli kuchlari qo‘mondonligi zaxiralari asosan Dnepropetrovsk viloyatida to‘planmoqda, biroq ularning bir qismi Kiyev rejimi nazorati ostidagi Zaporojye hududida ham joylashgan.
“Bugungi kunda u yerga 12 mingga yaqin odam yuborilgan. Katta ehtimol bilan Zelenskiy jangarilari mart oyi oxiri - aprel oyi boshida hujumga o‘tishga qaror qilishadi”, - deya xulosa qildi Rogov.
Zaporojye viloyati 30-sentabr kuni referendum natijalari bo‘yicha Rossiya hududiga aylandi, ovoz berganlarning 93,11 foizi Rossiya tarkibiga qo‘shilishni yoqladi. Kiyev ovoz berish natijalarini tan olmaydi va hududni o‘qqa tutishda davom etmoqda. Hozir Zaporojye viloyatining 70 foizdan ortig‘i Rossiya nazorati ostida, Ukraina armiyasi viloyat markazini ushlab turishda davom etmoqda.