TOShKENT, 5 mar — Sputnik. 3-mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va ACWA Power (Saudiya Arabistoni) kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayan o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Suhbatda kompaniyaning O‘zbekistondagi loyihalar portfelini amalga oshirishining dolzarb masalalari hamda tomonlarni qiziqtirgan sohalarda investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Kompaniyaning O‘zbekiston energetika sohasini rivojlantirishga qo‘shayotgan salmoqli hissasi qayd etildi. Bugungi kunda kompaniyaning O‘zbekistondagi investitsiyaviy portfeli umumiy qiymati 4,4 milliard dollardan ortiq va quvvati 4,1 GVt dan ko‘p bo‘lgan 5 ta loyihadan iborat.
Yig‘ilishda Sirdaryo, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida umumiy quvvati 2,6 GVt bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Loyihalarni rejadan oldin ishga tushirish maqsadida olib borilayotgan ishlarni jadallashtirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar kompleksini ko‘rishga kelishildi.
Birgalikda hayotga joriy etilishi rejalashtirilgan bir qator yangi loyihalar ko‘rib chiqildi. Shu o‘rinda, tomonlar Samarqand viloyatida 500 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi va Toshkent viloyatida 200 MVtli quyosh elektr stansiyasini qurish loyihalari bo‘yicha tegishli loyihaoldi jarayonlar nihoyasiga etgani va yangi shartnomalar tuzilganini olqishladi.
Alohida tartibda O‘zbekistonda “yashil” vodorod ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavod qurish rejalari muhokama qilindi.
Tomonlar, shuningdek, kimyo sanoati, bank, telekommunikatsiya, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi investitsiyaviy hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar muhokama qilingan loyiha va tashabbuslarni o‘z vaqtida va muvaffaqiyatli amalga oshirish doirasida manzilli chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib oldilar.