TOShKENT, 3 mar — Sputnik. Nogironligi bo‘lgan shaxslarni bepul tibbiy apparatlar bilan ta’minlash uchun 18 milliard so‘m ajratildi. Bu haqda Adliya vazirligi tomonidan AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar berdi Sputnik muxbiri.
Qayd etilishicha, kuni kecha prezident tomonidan imzolangan PQ-74-sonli qarorga ko‘ra, bu yil 475 nafar muhtoj shaxslar zamonaviy protez-ortopediya buyumlari (oyoq, son va boldir protezi hamda oyoq apparati) bilan bepul ta’minlanadi.
Qarorga muvofiq, 1-iyulga qadar nogironligi bo‘lgan muhtoj shaxslar ta’minlanadigan protez-ortopediya va reabilitatsiya buyumlari ro‘yxatini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Unga ko‘ra, elektr kreslo-aravacha, maxsus funksiyali aqlli soat, brayl yozuv moslamasi, ovozli termometr va tonometr, yozgi murakkab ortopedik poyafzal kabi qo‘shimcha 6 ta vosita bilan tizimli ta’minlanadi. Hozirda amaldagi ro‘yxatda 18 taga teng.
Shuningjek, 1-sentabrdan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlashda nogironligi bo‘lgan shaxslardan tibbiy xulosa talab qilish bekor qilinadi.