Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi – video, foto

Prezidentlar oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini batafsil ko‘rib chiqdilar.
Sputnik
TOShKENT, 2 mar - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Boku shahriga kelgach, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Ozarbayjon yetakchisi 2-mart kuni Bokuda bo‘lib o‘tadigan Qo‘shilmaslik harakati sammitini qo‘llab-quvvatlagani va unda shaxsan ishtirok etayotgani uchun Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev, o‘z navbatida, Ozarbayjon ushbu tuzilmaga samarali raislik qilayotganini alohida ta’kidladi.
Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi
Prezidentlar oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini batafsil ko‘rib chiqdilar. Tizimli va samarali muloqotlar tufayli O‘zbekiston-Ozarbayjon strategik sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgani, amaliy mazmun bilan boyigani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash 50 foizdan ziyodga oshdi. Avtomobilsozlik, to‘qimachilik sanoati va ipakchilik kabi ustuvor tarmoqlardagi kooperatsiya loyihalari faol pallaga kirdi. Neft-gaz, transport va logistika sohalarida istiqbolli loyihalar tayyorlanmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyev bilan uchrashuv o‘tkazdi
Shuningdek, madaniy-gumanitar almashinuvni yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Davlat rahbarlari dolzarb xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilib, bo‘lajak tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv har doimgidek ochiq, samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.