TOShKENT, 2 mar — Sputnik. Kelasi yil Samarqandda Yoshlar tarmog‘ining “Cheksiz imkoniyatlar sammiti” o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qo‘shilmaslik harakati Muloqot guruhi sammitida ma’lum qildi.
Boku shahrida Qo‘shilmaslik harakati Muloqot guruhi sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda nutq so‘zlagan O‘zbekiston prezidenti yoshlar masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi.
Qayd etilishicha, yoshlarning sifatli ta’lim va professional bilim olish, tibbiy xizmatlardan foydalanish va sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlari keskin kamaymoqda.
“Eng yomoni, yosh avlodning kelgusida hayotda o‘z munosib o‘rnini topishiga bo‘lgan ishonchi va qat’iyati susaymoqda. Shuningdek, minglab yoshlarning ongu tafakkuriga buzg‘unchi va radikal mafkuralar ta’siri ham tobora kuchaymoqda”, - dedi prezident.
Davlat rahbari o‘z so‘zida o‘tgan yili Toshkentda mazkur masalalar yechimiga qaratilgan, yoshlar ta’limi va tarbiyasiga bag‘ishlangan ikkinchi global konferensiya o‘tkazilganligini qo‘shimcha qildi.
“Bu borada siyosat va rejalarimizni uyg‘unlashtirish, to‘plagan tajriba-larimiz bilan o‘rtoqlashish maqsadida Harakatimiz Yoshlar tarmog‘ining “Cheksiz imkoniyatlar sammiti”ni kelgusi yil jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan ko‘hna Samarqandda tashkil etish niyatidamiz”, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Baku shahrida bo‘lib turibdi.
Ozarbayjon tomonining raisligida o‘tayotgan tadbir kun tartibidan pandemiya oqibatlarining ta’siri saqlanib qolayotgan hamda xalqaro xavfsizlik va barqarorlikka xavf-xatar va tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda ko‘p tomonlama muloqotni rivojlantirish va amaliy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari o‘rin olgan.
Qo‘shilmaslik harakati harbiy-siyosiy bloklar va tashkilotlarda ishtirok etmaslikni hamda hamkorlikni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining prinsip va maqsadlari asosida rivojlantirishni o‘z tashqi siyosatining asosi etib e’lon qilgan 120 ta ishtirokchi davlatni birlashtirgan eng yirik xalqaro tuzilmalardan biri hisoblanadi.