Turkiya TIV har qanday bir tomonlama sanksiyalarga qarshi chiqdi

Chavusho‘g‘li: Anqara BMT ko‘magisiz turli davlatlarga bir tomonlama tartibda joriy qilingan sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlamaydi.
Sputnik
TOShKENT, 1 mar — Sputnik. Anqara BMT ko‘magisiz turli davlatlarga bir tomonlama tartibda joriy qilingan sanksiyalarni qo‘llab-quvvatlamaydi. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li ta’kidladi.
Hindistonda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashuvini boshlashdan avval Chavusho‘g‘lidan, uning fikricha, Turkiya Rossiyaga qarshi cheklovlar joriy etilishiga qancha vaqt qarshilik ko‘rsatishi mumkinligi so‘ralgan.
“Biz qarshilik ko‘rsatishimiz shart emas, biz suveren davlat sifatida o‘z qarorlarimizni qabul qilamiz. Biz hech qanday bir tomonlama sanksiyalarga qo‘shilmaymiz, faqat BMT ko‘magida kiritilganlarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz o‘zimiz qaror qabul qilamiz. Hech kim bizga bosim o‘tkaza olmaydi”, dedi Chavusho‘g‘li.
Ukrainada maxsus operatsiya boshlanganidan so‘ng AQSh boshchiligida G‘arb davlatlari Moskvaga nisbatan sanksiyalar bosimini keskin kuchaytirdi. Rossiya eksporti sohasi, bank va boshqa sohalariga nisbatan keskin sanksiyalar joriy etildi. Lekin o‘tgan vaqt davomida ular kutilgan natijaga olib kelmadi, rubl qulamadi, Rossiya iqtisodiyoti barbod bo‘lmadi. Yevropa va AQShda esa sanksiyalar oqibatida elektr energiyasi, yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlari oshdi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyani jilovlash va zaiflashtirish siyosati G‘arbning uzoq muddatli strategiyasi ekanligini va cheklovlar butun dunyo iqtisodiyotiga jiddiy zarba berganini aytdi. Rossiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, AQSh va uning ittifoqchilarining asosiy maqsadi - dunyoda millionlab odamlar hayotini yomonlashtirishdir.