O‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati uzaytiriladi

2024 yil 1-yanvardan pensionerga hisoblangan, lekin o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 1 mar — Sputnik. O‘zbekistonda o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati uzaytiriladi. Bu haqda Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Prezident farmoni bilan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi.
Davlat dasturiga ko‘ra, 2023-yil 1-iyuldan:
barcha davlat organlari va tashkilotlarida “Aholi va tadbirkorlarga servis sifatini oshirish” chora-tadbirlari belgilanadi;
DXM orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 300 taga, YaIDXP (my.gov.uz) orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar soni esa 570 taga yetkaziladi;
aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari (nogironligi bo‘lgan shaxslar, og‘ir bemorlar, keksalar va boshqalar)ga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasidagi davlat xizmatlari doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyiga chiqish orqali ko‘rsatilgan xizmat uchun qo‘shimcha to‘lov undirilmaydi;
elektr, gaz va suv sarfi hisoblagichlarini qiyoslashdan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatlari proaktiv tarzda (fuqaro murojaatini kutmasdan, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotning o‘z tashabbusi bilan) ko‘rsatiladi.
Qayd etilishicha, 2023-yil 1-sentabrdan aholi va tadbirkorlarga subsidiya ajratish bilan bog‘liq barcha xizmatlar bosqichma-bosqich “Aholi va tadbirkorlik subyektlariga subsidiya ajratishning yagona elektron platforma”siga o‘tkaziladi.
2024 yil 1-yanvardan pensionerga hisoblangan, lekin o‘z vaqtida olinmagan pensiyani to‘lash muddati 12 oydan 24 oyga uzaytiriladi.
2023 yil 1-apreldan nogironlik idoralararo elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan, anatomik nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek, noxush klinik prognozga ega kasalliklar va asoratlarda fuqarolarning ishtirokisiz belgilanadi.
Dasturga ko‘ra, 2023-yilda:
“Yangi O‘zbekiston” massivlari va 161 ta boshqa massivlarda yangi uy-joylar qurishning yillik hajmlari 90 mingga yetkaziladi;
aholini bozor tamoyillari asosida ipoteka kreditlari orqali mulk huquqi asosida Toshkent viloyatida tajriba-sinov tariqasida “Mening birinchi uyim” dasturi ishlab chiqilib, amalga oshiriladi.