TOShKENT, 1 mar — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-mart kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari davlat kotibi Entoni Blinken boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar masalalar bo‘yicha hamkorlikning muhim jihatlari ko‘rib chiqildi.
AQSh vakili O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlarni va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga yuqori baho berdi.
"Ayniqsa, inson huquqlari va gender tenglikni ta’minlashda, majburiy mehnatga qarshi kurashishda, so‘z erkinligi va ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlarda, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishda va ko‘plab boshqa yo‘nalishlarda erishilgan katta muvaffaqiyatlar alohida qayd etildi", - deyiladi xabarda.
Undan tashqari, AQSh rasmiysi bilan “yashil” energetikani rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish borasida hamkorlikka oid masalalar ham ko‘rib chiqildi.