TOShKENT, 28 fev - Sputnik. O‘tgan yilning dekabr oyida benzin uchun joriy etilgan imtiyozli aksiz solig‘ining amal qilish muddati uzaytirildi. Bu haqida hozirgini e’lon qilingan prezident qarorida aytib o‘tilgan.
"Prezident qarori bilan joriy etilgan va 2022-yil 10-dekabrdan boshlab amal qilayotgan AI-80 rusumli avtobenzin uchun aksiz solig‘ini “nol” stavkada qo‘llashning amal qilish muddati ertaga, 2023-yil 1-mart kuni yakuniga yetishi kerak edi.
Davlatimiz rahbari tomonidan bugun imzolangan qarorga muvofiq, iste’molchilarning neft mahsulotlariga bo‘lgan talabini qondirish hamda narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik subyektlari tomonidan yakuniy iste’molchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun aksiz solig‘ini “nol” stavkada qo‘llash muddati 2023-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi", - deyiladi rasmiy habarda.
Eslatib o‘tamiz, 27-fevral kuni "O‘zbekneftgaz" AJ AI-80 benzini uchun joriy etilgan imtiyozli aksiz soliq stavkasining amal qilish muddati 1-mart kuni tugashi va shundan so‘ng respublikada benzin narxi oshishi haqida xabar tarqalgan edi.
Xususan, “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi AYoQShlarda 1 litr AI-80 rusumli avtobenzinning chakana narxi mahalliy mahsulot uchun 6 800 so‘mdan, import mahsuloti uchun 7 000 so‘mgacha ko‘tarilishi haqida ma’lum qilingan edi.