O‘zbekistonlik kurashchilar Misrdagi xalqaro turnirda uchta medalga ega bo‘lishdi

Reyting seriyasiga kiruvchi turnirda O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Sputnik
TOShKENT, 27 fev — Sputnik. 23-26 fevral kunlari Misrda sport kurashlari bo‘yicha xalqaro musobaqa bo‘lib o‘tdi. Reyting seriyasiga kiruvchi turnirda O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Musobaqaning yakunlovchi kunida o‘zbekistonlik sportchilar 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘lishdi. Yarim finalga yetib borgan Umidjon Jalolov ushbu bosqichda armanistonlik Vazgen Tevanyanga imkoniyatni boy berdi. Biroq bronza medali uchun bahsda gruziyalik Edemi Bolkvadzedan ustun keldi.
Shuningdek, Tokio-2020 Olimpiadasi sovrindori Bekzod Abdurahmonov ham shohsupaning uchinchi pog‘onasiga ko‘tarildi. Bronza medali uchun kechgan kurashda u armanistonlik Arman Avaganni mag‘lubiyatga uchratdi.
Musobaqaning birinchi kunida esa Hasanboy Rahimov sovrindorlar qatoridan joy olgan edi.