Dushanbeda Orol dengizini qutqarish masalasi muhokama qilinadi

5-7 iyun kunlari Dushanbe shahrida Orol dengizini qutqarish xalqaro jamg‘armasi tashkil etilganining 30-yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 27 fev — Sputnik. 2023 yil davomida Tojikistonda Orol dengizining ekologik muammolariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkaziladi. Bu haqda respublika Energetika va suv resurslari vazirligi matbuot xizmatiga tayanib Sputnik Tojikiston xabar berdi.
Xususan, 5-7 iyun kunlari Dushanbe shahrida Orol dengizini qutqarish xalqaro jamg‘armasi tashkil etilganining 30-yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, Dushanbeda 14 va 15-sentabr kunlari Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvi munosabati bilan Orol dengizini qutqarish jamg‘armasi ta’sischilari – davlatlar prezidentlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.
Markaziy Osiyo davlatlari muzliklarning erishi va cho‘llanish tufayli oziq-ovqat xavfsizligida jiddiy tahdidlarga duch kelishi mumkin.
Orol dengizining qurigan tubida 1,7 mln gektar maydonda saksovul, cherkez, qandim kabi sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan iborat yashil qoplamalar barpo etilgan. E’tiborlisi, cho‘l o‘simliklarining ko‘karishi bo‘yicha yaxshi natijalarga erishilmoqda. Bu yil ham Orolbo‘yi mintaqasida ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan ishlar davom ettiriladi. Ayni shu maqsadda Orol dengizining qurigan tubida saksovul ekish mavsumi boshlangan.
Orol dengizining qurishiga oid ekologik vaziyat jahon diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi bilan Orolbo‘yi mintaqasi ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasi deb e’lon qilingan.
O‘tgan yili O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkmaniston Orol dengizini qutqarish bo‘yicha chora-tadbirlarni muhokama qilgan edi. Qozog‘iston tomoni Mintaqaviy suv-energetika konsorsiumini tuzishni taklif qilmoqda. Bu irrigatsiya va energetika manfaatlarini hisobga olgan holda resurslardan foydalanish imkonini beradi.