TOShKENT, 26 fev — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya yetakchisi Rajab Toyib Erdog‘an o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kreml saytida xabar berilgan.
“Telefon suhbatida ikki tomonlama kun tartibidagi ayrim dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi”, — deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Ta’kidlanishicha, Rossiya rahbari Turkiya prezidentini tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan. Erdog‘anga tabrik telegrammasi ham yo‘llangan.
“Hurmatli janob prezident, aziz do‘stim, sizni tug‘ilgan kuningiz bilan chin qalbimdan tabriklayman. Rossiya sizning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar va konstruktiv hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissangizni qadrlaydi”, — deyiladi tabrik matnida.
Putin ikki davlat rahbarlari “o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni tizimli ravishda amalga oshirishda” davom etishiga hamda mintaqaviy va global kun tartibidagi muhim masalalar bo‘yicha sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishda davom etishiga ishonch bildirdi.
Bundan tashqari, Rossiya prezidenti Erdog‘anning vatandoshlar va xorijdagi obro‘si, ayniqsa Turkiyadagi vayronkor zilzilalardan keyingi keskin vaziyatda yuksak darajada ekanligini ta’kidladi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda Turkiya rahbarining davlat arbobi va shaxs sifatidagi eng yaxshi fazilatlari, uning jasorati, ongli va zarur qarorlar qabul qilish qobiliyati to‘liq namoyon bo‘lmoqda.
Rossiya prezidenti hamkasbiga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat, farovonlik va muvaffaqiyatlar tiladi.
Ma’lumot uchun, Erdog‘an bugun, 26-fevral kuni 69 yoshni qarshiladi.