Allergologiya markazida qanday davolash usullari yo‘lga qo‘yilgan?

Markazda bemorlar uchun 45 o‘rinli statsionar, konsultativ tashxis qo‘yish poliklinikasi, allergologiya, laboratoriya, fizioterapiya bo‘limlari, “astma va allergiya maktabi” faoliyat ko‘rsatmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 26 fev — Sputnik. Allergologiya markazida o‘tgan yili teridan olingan materiallardan “Demodex folliculonum” va qo‘tir qanachalarini aniqlash usullari joriy qilindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Dunyoda allergik kasalliklarning o‘ta og‘ir kechuvchi yangi turlari ko‘paymoqda. Bu ekologik muammolar, noto‘g‘ri ovqatlanish, dori vositalarini haddan tashqari ko‘p qabul qilish, kamharakatlik kabi qator omillar bilan bog‘liq. Markazimiz ana shunday xastaliklarni profilaktika va diagnostika qilish hamda davolashga ixtisoslashtirilgan”, - deydi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Razikova.
Ta’kidlanishicha, markazda bemorlar uchun 45 o‘rinli statsionar, konsultativ tashxis qo‘yish poliklinikasi, allergologiya, laboratoriya, fizioterapiya bo‘limlari, “astma va allergiya maktabi” faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bu yerda biokimoviy, klinik va immunologik laboratoriya sinovlari o‘tkazilmoqda. O‘z navbatida, ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
“O‘tgan yili qonda bir vaqtning o‘zida 90 turdagi allergenga nisbatan maxsus va umumiy immunoglobulinlarni aniqlash imkonini beruvchi “PROTIA Allerqy-Q90” — IFA multipleks diagnostik tekshiruv usulini yo‘lga qo‘ydik”, - deydi markaz direktori.
Shuningdek, teridan olingan materiallardan “Demodex folliculonum” va qo‘tir qanachalarini aniqlash usullari joriy qilingan.
“Bundan tashqari, Italiyada ishlab chiqarilgan “Alisei” diagnostika avtomat analizatoridan foydalanyapmiz. U orqali eng ilg‘or deb hisoblangan “in vitro” usulida bir paytning o‘zida 200 dan ortiq allergenlarni aniqlash imkoniyati mavjud”, - dedi markaz direktori.
Qayd etilishicha, tekshiruvlar uchun yosh cheklovlari yo‘q. Uni istalgan paytda o‘tkazsa bo‘ladi. Turli dori vositalari ta’siri test natijalariga to‘sqinlik qilmaydi.
Aytilishicha, markazning Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali va Nukus shahri ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida ilk bor tashqi nafas tizimiga allergenlar ta’sirini provakatsiya, ya’ni allergenlar yuborilganda bronxospazmni yuzaga keltirish orqali tekshirish usuli yo‘lga qo‘yildi.
Kelgusida bunday yangiliklarni boshqa hududlarda ommalashtirish maqsad qilingan.