OAV faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik joriy etilishi mumkin

O‘zbekiston Konstitutsiyasining OAVga bog‘liq moddasiga yangi norma qo‘shish taklif etildi. Endi OAV faoliyatiga aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Sputnik
TOShKENT, 25 fev — Sputnik. Endi ommaviy axborot vositalari faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish javobgarlikka sabab bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari Odiljon Tojiyev ma’lum qildi.
Kuni kecha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi muhokama qilindi. Unda O‘zbekiston Konstitutsiyasining OAVga bog‘liq moddasiga yangi norma qo‘shish taklif etildi.
Amaldagi Konstitutsiyaning 67-moddasida senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi mustahkamlab qo‘yilgan.
Endilikda ushbu moddaga qo‘shimcha sifatida “Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi” normasi ham qo‘shilishi taklif etilmoqda.
“Ayrim rahbarlar, ular uchun qanchalik yoqimsiz bo‘lmasin, haqiqatga yuz tutishga o‘rganishi kerak. Bu yo‘lda konstitutsiyaviy yangi norma huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qiladi, deb o‘ylayman”, deb yozadi deputat.
Qayd etilishicha, O‘zbekistondagi OAV soni 2016-yilga nisbatan qariyb 30 foizga ortib, 1962 taga yetdi. Internet nashrlari soni esa so‘nggi 6-yilda salkam ikki barobar ko‘payib, 677 tani tashkil qilmoqda.