Toshkentda o‘tadigan “Katta dubulg‘a” xalqaro turniri g‘oliblarini qanday mukofot kutmoqda?

Xalqaro dzudo federatsiyasi (IJF) taqvimidan o‘rin olgan ushbu turnirning mukofot jamg‘armasi 154 000 yevro etib belgilangan.
Sputnik
TOShKENT, 23 fev — Sputnik. Toshkent shahrida dzudo bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi xalqaro turnir o‘z g‘oliblari uchun qator mukofotlarni tayyorlab qo‘ygan. Bu haqda O‘zbekiston dzudo federatsiyasi Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Poytaxtdagi “Yunusobod” sport saroyida 3-5 mart kunlari dzudo bo‘yicha “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi xalqaro musobaqa o‘tkaziladi. Unda dunyoning 60 ga yaqin mamlakatidan sportchilar ishtirok etadi.
Xalqaro dzudo federatsiyasi (IJF) taqvimidan o‘rin olgan ushbu turnirning mukofot jamg‘armasi 154 000 yevro etib belgilangan.
“G‘olib va sovrindorlar xalqaro turnir medallari hamda Parij-2024 Olimpiadasi yo‘lidagi qimmatli reyting ochkolarini qo‘lga kiritadi”, deyiladi xabarda.
Musobaqada O‘zbekistondan har bir vazn toifasida 4 nafardan jami 56 nafar dzudochi tatamiga chiqadi.
Demak ayollar -48, -52, -57, -63, -70, -78, +78 kg, erkaklar -60, -66, -73, -81, -90, -100, +100 kg vazn toifasida bellashadilar.
Ma’lumot uchun, 4-5 fevral kunlari Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan “Katta Dubulg‘a” turnirida o‘zbekistonlik ikki nafar dzudochi Kamoliddin Baxtiyorov va Alisher Yusupov bronza medallarini qo‘lga kiritishgan edi.