TOShKENT, 23 fev — Sputnik. Respublika tez tibbiy yordam markazi tasarrufiga navbatdagi 117 dona A toifali “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalari topshirildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Bugun “Jizzakh Auto” tomonidan “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomobillarning 117 donadan iborat navbatdagi partiyasi hududlarga taqdim etildi.
“Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalari
© Sog‘liqni saqlash vazirligi
Shunday qilib, “Tez yordam”da beshinchi avlod “Volkswagen Caddy” avtomashinalari soni 337 taga yetdi. Ushbu avtomobillar taqsimoti hududlardagi aholi soni va tez tibbiy yordam mashinalarini yangilash ehtiyojidan kelib chiqqan holda shakllantirilmoqda.
“Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalari
© Sog‘liqni saqlash vazirligi
Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoit G‘afurovning ma’lum qilishicha, xarid qilinishi rejalashtirilgan yana 640 ta tez tibbiy yordam mashinasi ham “Hunday”, “Ford”, “Volkswagen”, “Iveco” kabi jahon brendlariga tegishli bo‘lishi kutilmoqda.
“Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalari
© Sog‘liqni saqlash vazirligi
Ma’lumot uchun, beshinchi avlod A toifali “Volkswagen Caddy” mutlaqo yangi MQB platformasida ishlaydi. Ular 1,6 MPI atmosferali motor bilan jihozlangan bo‘lib, 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi va 110 ot kuchiga ega. 100 kilometr masofaga avtomobil aralash siklda 7 litr yonilg‘i sarflaydi.
Eslatib o‘tamiz, bir oy avval 110 ta “Volkswagen Caddy” rusumli so‘nggi avlod tez tibbiy yordam mashinalari keltirilgan edi. O‘zbekiston prezidentining 2021-yil 27-maydagi va 2022-yil 16-iyundagi 283-son qarorlariga muvofiq, tizimdagi mavjud “Damas” rusumli va xizmat muddatini o‘tagan boshqa turdagi avtotransport vositalarini 2022-2024 yillarda yangilash belgilangan.