TOShKENT, 22 fev — Sputnik. Rossiyaning “Farm Eyd” farmatsevtika kompaniyasi virusning beshta shtammidan himoya qiluvchi so‘nggi avlod meningokokk vaksinasining klinik sinovlarini boshladi.
“Rossiya farmatsevtika kompaniyasi “Farm Eyd” meningokokk infeksiyasiga qarshi besh valentli vaksinaning klinik sinovlarini boshladi”, — deyiladi kompaniya xabarida.
Tadqiqot bosqichma-bosqich olib boriladi va unda kattalardan tortib, 9-12 oylik bolalargacha barcha yoshdagi odamlar ishtirok etadi. Vaksina mushak ichiga yuboriladi.
Ta’kidlanishicha, besh valentli vaksina A, C, W, Y va X seroguruhlariga mansub dunyodagi eng keng tarqalgan meningokokklardan himoya qiladi. Rossiyada qo‘llaniladigan boshqa vaksinalardan farqli o‘laroq, preparat tarkibida qo‘shimcha X serotipi mavjud.
“Import o‘rnini bosish loyihasi doirasida biz do‘st mamlakatlarning dunyodagi eng yirik vaksina ishlab chiqaruvchilari bilan shartnomalar tuzdik”, — dedi kompaniya bosh direktori Azamat Metov.
O‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida Moskva bosh sanitariya shifokori Yelena Andreyeva Moskvada meningokokk infeksiyasi bilan bog‘liq og‘ir vaziyat kuzatilganini, asosan, migrantlar kasallikka chalinganini ma’lum qilgandi.