TOShKENT, 22 fev — Sputnik. Metro bekatlarida savdo shoxobchalari faoliyati qayta tiklanadi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda "Toshkent metropoliteni" harakat xizmati rahbari Sulton Qodirov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, metropoliten bekatlarida savdo shoxobchalari faoliyati qayta tiklanadi.
"Hozirda "Novza" metro bekatining piyodalar o‘tish yo‘lagida tajriba-sinov tariqasida savdo shoxobchalarini qurish ishlari amalga oshirilmoqda", deydi Sulton Qodirov.
Shuningdek, yer usti metro yo‘nalishi estakadasi ostidagi hududlarda jami 2700 o‘rinli avtoturargohlar tashkil etiladi.
Quyidagi tumanlarda avtoturargohlar tashkil etiladi:
Yashnobod tumanidan o‘tuvchi yer usti metro yo‘nalishi estakadasi ostidagi hududda 1200 o‘rinli beshta avtoturargoh. Umumiy yer maydoni 2,9 gektar;
Sergeli tumanidan o‘tuvchi yer usti metro yo‘nalishi hududida 1500 o‘rinli yettita avtoturargoh. Umumiy yer maydoni 3,37 gektar.