Islom taraqqiyot banki O‘zbekistondagi maktablarni qurish va ta’mirlashga mablag‘ ajratadi

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova xorijiy tashkilotlar vakillari bilan uchrashdi.
Sputnik
TOShKENT, 22 fev — Sputnik. Islom taraqqiyot banki O‘zbekistondagi maktablarni qurish va ta’mirlashga mablag‘ ajratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xabar berdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova Islom Taraqqiyot Banki Markaziy Osiyo mintaqaviy vakolatxonasi ta’lim sho‘basi rahbari Muhammad Mirzai Kahagi, Ta’lim uchun global hamkorlik (GPE) tashkilotining hududiy rahbari Lina Benete hamda UNICEF tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mammedzade bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Islom taraqqiyot banki tomonidan ajratilishi rejalashtirilayotgan mablag‘dan foydalanishdagi asosiy vazifalar hamda rejalar belgilab olindi.
"Ajratilgan mablag‘lardan ayrim maktablar ta’mirlanadi hamda yangi maktablar va sportzallar quriladi", deyiladi xabarda.
Mazkur soha uchun Ta’lim uchun global hamkorlik tashkiloti tomonidan ham qo‘shimcha mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan 10104 ta maktab jami 5,2 million o‘quvchi o‘rniga ega. Lekin hozirda ushbu maktablarda 6,3 million o‘quvchi tahsil olmoqda. Hozirda ta’mirtalab maktablar soni 1250 tani tashkil etadi.