Xitoy global xavfsizlikning oltita tamoyilini ilgari surdi

Tashabbuslar matnida ta’kidlanishicha, bugungi kunda xalqaro hamjamiyat ilgari hech kim duch kelmagan ko‘plab muammolarga duch kelmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 21 fev — Sputnik. Xitoy 21-fevral kuni Xitoy raisi Si Szinpin ilgari surgan global xavfsizlik sohasida tashabbuslar matnini taqdim etdi. Tashabbuslar matni Xitoy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilindi.
2022 yil aprel oyi oxirida Xitoy raisi Si Szinpin Boao Osiyo forumining ochilishida nutq so‘zlab, global xavfsizlik sohasida tashabbuslarni ilgari surgandi.
Tashabbuslar matnida ta’kidlanishicha, bugungi kunda dunyo hech qachon bo‘lmaganidek o‘zgarmoqda, xalqaro hamjamiyat ilgari hech kim duch kelmagan ko‘plab muammolarga duch kelmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Xitoy global xavfsizlikning oltita tamoyilini ilgari surdi.
Birinchidan, umumiy, keng qamrovli, barqaror xavfsizlik nuqtayi nazariga rioya qilish kerak. Prinsipning mohiyati har bir davlat xavfsizligini hurmat qilgan va himoya qilgan holda umumiy xavfsizlik konsepsiyasini qo‘llab-quvvatlash, hamkorlikni rivojlantirish, siyosiy muloqot va tinchlik muzokaralari orqali xavfsizlikni ta’minlashdan iborat.
Ikkinchidan, barcha davlatlarning suvereniteti va hududiy yaxlitligi hurmat qilinishi kerak. Hujjatda katta yoki kichik, kuchli yoki zaif, boy yoki kambag‘al, barcha davlatlar xalqaro hamjamiyatning teng huquqli a’zolari ekanligi, ularning suvereniteti, ijtimoiy tizimlar va rivojlanish yo‘llarini mustaqil tanlash huquqi hurmat qilinishi zarurligi ta’kidlangan.
Uchinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining maqsad va tamoyillariga rioya qilishga sodiq qolish zarur. Sovuq urush mentaliteti, bir tomonlamalik, bloklar qarama-qarshiligi va gegemonizm BMT Nizomi ruhiga ziddir va ularni rad etish kerak, deyiladi matnda.
To‘rtinchidan, barcha davlatlarning qonuniy xavfsizlik manfaatlariga jiddiy yondashish kerak. Bir davlatning xavfsizligi boshqalarning xavfsizligi hisobiga ta’minlanmasligi kerak, har qanday davlat o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun boshqa davlatlarning oqilona xavfsizlik manfaatlarini hisobga olishi kerak.
Beshinchidan, mamlakatlar o‘rtasidagi kelishmovchilik va nizolarni muloqot orqali tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori bo‘lib qolish zarur. Urush va sanksiyalar nizolarni hal etishning asosiy yo‘li emasligi ta’kidlangan.
Oltinchi tamoyil - an’anaviy va noan’anaviy sohalarda xavfsizlikni ta’minlash zarurati. Xitoy barcha mamlakatlarni mintaqaviy kelishmovchiliklar va terrorizm, iqlim o‘zgarishi, kiberxavfsizlik va bioxavfsizlik kabi global muammolarni hal qilish uchun birgalikda harakat qilishga chaqirgan.