TOShKENT, 21 fev — Sputnik. Endi 1-martdan boshlab Rossiyadagi ayrim migrantlarga taksi xizmatida ishlash taqiqlanadi. Bu haqda “Izvestiya” xabar berdi.
Rossiyada yo‘lovchi tashish sohasida ishga joylashish uchun cheklovlar joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, yangi tartib nafaqat Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlaridan kelgan migrantlarga balki, Rossiya fuqarolariga ham tegishli.
Endi qator jinoyatlar uchun sudlangan shaxslar jamoat transporti va taksilarni boshqarishga ruxsat etilmaydi. Ushbu o‘zgartirishlar hozirda ish olib borayotgan haydovchilar va boshqa xodimlarga ham ta’sir qiladi.
Shunday qilib, Mehnat kodeksiga kiritilgan yangi o‘zgartishlarga ko‘ra, quyidagilarni sodir etgan fuqarolarga jamoat transporti va taksilarni boshqarishga ruxsat etilmaydi:
qotillik;
qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish;
talonchilik yoki bosqinchilik;
jinsiy daxlsizlikka qarshi jinoyatlar;
jamoat xavfsizligi, konstitutsiyaviy tuzum asoslari va davlat xavfsizligi, tinchlik va xavfsizlik asoslariga qarshi o‘rtacha og‘irlikdagi yoki undan og‘irroq jinoyatlar.
Endilikda ishga qabul vaqtida nomzod sudlanmaganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma ham taqdim etishi kerak. Hattoki ayni vaqtda jinoyat ishida gumonlanuvchi bo‘lganlar ham rad javobini oladi.
Ushbu talabga rioya qilmaslik ishdan bo‘shatishga olib keladi.
Sudlanganlik holati olib tashlangan yoki o‘chirilgan taqdirda ishga joylashish uchun hech qanday to‘siq bo‘lmaydi. O‘rtacha og‘irlikdagi jinoyatlar sodir etilganda sudlanganlik 3-yilga, og‘ir jinoyatlar uchun esa 8-yilga avtomatik ravishda o‘chirilgan hisoblanadi.