Qishki qabulda o‘qishga kirgan xotin-qizlarning kontrakti ham to‘lab beriladi

Magistraturaga tavsiya etilganlardan ushbu imtiyozdan foydalanish maqsadida OTM rahbariyatiga ariza bilan murojaat qilishlari so‘ralgan.
Sputnik
TOShKENT, 21 fev — Sputnik. Magistraturaga qishki qabulda o‘qishga kirgan xotin-qizlarning kontrakti Davlat budjetidan to‘liq qoplab beriladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Prezident farmoni va hukumat qaroriga ko‘ra, davlat OTMning magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt-to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplab berilishi belgilangan.
“Bu tartib, shuningdek magistratura qishki qabulida to‘lov shartnoma asosida o‘qishga qabul qilingan xotin-qizlarga ham birdek amal qiladi”, - deyiladi xabarda.
Shu bois, magistraturaga tavsiya etilganlardan ushbu imtiyozdan foydalanish maqsadida OTM rahbariyatiga ariza bilan murojaat qilishlari so‘ralgan.
Ma’lumot o‘rnida, ushbu tartib belgilangan muddatga qadar ariza bermaganlarga, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganlarga hamda nodavlat OTMning magistraturasi uchun tatbiq etilmaydi.