“Made in Russia” ekspozitsiyasi ilk bor O‘zbekistondagi ko‘rgazmada namoyish etiladi

Ko‘rgazma 28-fevraldan 3-martgacha Toshkentda bo‘lib o‘tadi.
Sputnik
TOShKENT, 21 fev — Sputnik. “Made in Russia” brendi ostidagi Rossiya milliy ekspozitsiyasi ilk bor O‘zbekistondagi eng yirik qurilish ko‘rgazmasi UzBuild 2023 da namoyish etiladi. Bu haqda Rossiya eksport markazi xabar berdi.
“Ekspozitsiyada Rossiyaning 20 ta kompaniyasi ishtirok etadi. Ko‘rgazma 28-fevraldan 3-martgacha Toshkentda bo‘lib o‘tadi”, - deyiladi xabarda.
Rossiya ekspozitsiyasining maydoni 350 kvadrat metrdan oshadi. Tashrif buyuruvchilar qurilish texnologiyalari, jihozlari va materiallarining keng assortimentini baholashlari mumkin bo‘ladi.
Rossiya kompaniyalari stendda taqdim etadigan mahsulotlar orasida arxitektura alyuminiy tizimlari, yupqa qatlamli metall konstruksiyalar, sanoat pollari, turli formatdagi g‘ishtlar, suv tozalash tizimlari, sanoat va maishiy filtrlar, keng turdagi obyektlar uchun eshiklar, suvoq va bo‘yash asboblari va boshqalar mavjud.
Qayd etilishicha, “Made in Russia” ekspozitsiyasi ishtirokchilari uchun O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va boshqa mamlakatlarning potensial hamkorlari bilan b2b uchrashuvlar va muzokaralar rejalashtirilgan.