“Uzbekistan Airways” bahor-yoz parvozlar jadvaliga o‘tmoqda

Ushbu mavsum davrida 70 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Sputnik
TOShKENT, 20 fev — Sputnik. “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi 2023-yil 26-martdan 28-oktabrga qadar amal qiladigan bahor-yoz parvozlar jadvaliga o‘tmoqda. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, ushbu mavsum davrida 70 dan ortiq yo‘nalish bo‘yicha muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Toshkentdan Urganch va Nukusga parvozlar kuniga 2-marta, Buxoroga esa 1-marta amalga oshiriladi. Shu bilan birga, poytaxtdan Qarshiga haftada 2-marta, Termiz va Samarqandga 6-marta, Namanganga – 2, Farg‘onaga – 3 va Andijonga ham ikki martadan aviaqatnovlar bajariladi.
Istanbul, Dubay, Riga, Moskva, Olmaota, Ostona, Dushanbe, Bishkek, Boku, Minsk, Dehli, London, Seul, Kuala-Lumpur va boshqa shaharlarga xalqaro aviaqatnovlar an’anaviy tarzda Toshkentdan amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, yangi mavsumda aviakompaniya Nyu-York, Frankfurt, Riga, Tel-Aviv, Boku, Tbilisi kabi xalqaro yo‘nalishlarda aviaqatnovlar sonini oshirmoqda. Qishki jadvalga nisbatan Istanbulga muntazam reyslar soni ko‘paytiriladi.
Shuningdek, bahor-yoz mavsumidan boshlab aviakompaniya Milan, Parij, Rossiya shaharlaridan Orenburg, Nijnevartovsk, Omsk, Nijniy Novgorodga parvozlarni amalga oshira boshlaydi.