Misrlik taniqli xonanda va bloger O‘zbekistonga keldi

Tashrif Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan O‘zbekistonning Qohira shahridagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Sputnik
TOShKENT, 19 fev — Sputnik. 17 fevral kuni misrlik xonanda va bloger Mustafo Abu Ravash hamda uning ijodiy hamkori Rasha N.M.Radva O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi xabar berdi.
Tashrif Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan O‘zbekistonning Qohira shahridagi elchixonasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Qayd etilishicha, tashrifdan maqsad O‘zbekiston madaniyati va turizm salohiyatini Misr davlatida keng targ‘ib etish orqali Arab mamlakatlaridan sayyohlar oqimini oshirishdir.
Ma’lumot uchun, Mustafo Abu Ravash nafaqat Misrda, balki butun dunyoda katta auditoriyaga ega. Xususan, uning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini 6 millionga yaqin obunachi kuzatib boradi.
“O‘zbekistonga birinchi marta kelishim. Maqsadim xalqingizning turmush tarzi bilan tanishish, o‘zim uchun yangiliklarni kashf qilish. Ta’kidlashim kerakki, O‘zbekistonning ob-havosi, urf-odatlari, va, ayniqsa, milliy taomlari ajoyib”, - dedi Mustafo.
Ta’kidlanishicha, Mustafo Abu Ravash va Rasha N.M.Radva Toshkent, Samarqand, Buxoroga sayohat qiladi. Shuningdek, misrlik xonanda O‘zbekistonda bir qator videokliplar suratga olishni ham rejalashtirgan.
Avvalroq Misr Arab respublikasi Turizm va qadimiy ashyolar vaziri o‘rinbosari Gada Sameyer Shalabi bilan uchrashuv o‘tkazilgan va unda O‘zbekiston va Misr o‘rtasida 2023–2025 yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasini imzolash bo‘yicha kelishuvga erishilgandi.