TOShKENT, 18 fev — Sputnik. O‘zbekistonda ilk bor ko‘rish qobiliyati zaif odamlar uchun xokkey o‘yini uyushtirildi. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar berdi.
Kecha Humo Arena muz majmuasida mamlakat tarixida ilk bor ko‘rish qobiliyati zaif odamlar uchun tiflosharhlash usulidan foydalangan holda xokkey o‘yini uyushtirildi.
“Ko‘plab ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchilar o‘z tasavvurida tiflosharhlovchi tomonidan aytib turilgan tasavvurlarni tasvirlab, sportning ajoyib olamini kashf eta olishdi va o‘yin muhitiga sho‘ng‘ishdi”, deyiladi xabarda.
Aytilishicha, shu tariqa real vaqt rejimida sportni tiflosharhlash amaliyoti paydo bo‘ldi. Bu esa ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi insonlar uchun sport tadbirlarini yanada qulayroq qiladi.