Zoyir Mirzayev “Tatneft” bilan “zapravkalar” tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha fikr almashdi

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Rossiyaning “Tatneft” OTAJ bosh direktori Nail Maganov bilan uchrashdi.
Sputnik
TOShKENT, 17 fev — Sputnik. Zoyir Mirzayev Rossiyaning “Tatneft” kompaniyasi bilan Toshkent viloyatida yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini ko‘paytirish masalasini ko‘rib chiqdi. Bu haqda viloyat matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Rossiyaning “Tatneft” OTAJ bosh direktori Nail Maganov bilan uchrashdi.
Muloqotda hamkorlikda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, hududning investitsiya jabhalarida geologik qidiruv ishlarini olib borish, Toshkent viloyatida “Tatneft” yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ini kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda Zoyir Mirzayev neft sohasida tajriba almashish va ko‘zda tutilgan loyihalarni amaliyotga tatbiq etishda hamkorlik qilish taklifini bildirdi.
Shuningdek, “Angren” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan “Birinchi rezinotexnika zavodi” MChJda faoliyat olib borayotgan mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, “Tatneft” OTAJ yoqilg‘i-energetika sohasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha mamlakatdagi kompaniyalarning muhim sheriklaridan hisoblanadi.