TOShKENT, 17 fev — Sputnik. Bugun Toshkentdagi “Jar” sport kompleksida sambo bo‘yicha kattalar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati boshlandi. Bu haqda O‘zbekiston sambo assotsiatsiyasi xabar berdi.
Chempionatda respublikaning turli xududlaridan kelgan 550 nafardan ortiq ishtirokchi sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib bormoqda.
Chempionat davomida ishtirokchilar erkaklar, ayollar va jangovar sambo yo‘nalishlarida 7 tadan, umumiy hisobda 21 ta vazn toifasida medallar uchun bellashishadi.
Sambo bo‘yicha O‘zbekiston chempionati musobaqalarida munosib ishtirok etgan sportchilar terma jamoalar uchun saralab olinadi.
Shuningdek, g‘oliblar qit’a va jahon chempionatlariga, shu yili Xitoyda o‘tkaziladigan Yozgi Osiyo o‘yinlarida ishtirok etish uchun yo‘llanmalarni qo‘lga kiritadi.
Chempionat 19-fevralga qadar davom etadi.