TOShKENT, 17 fev — Sputnik. Respublikaning 50 dan ortiq OTM talabalariga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berildi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tasarrufidagi OTMlarga uzrli sabablarga asosan o‘qishni ko‘chirishga tavsiya etilganlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Qayd etilishicha, 2 ta uzrli sababga ko‘ra o‘qishini ko‘chirish istagida bo‘lgan fuqarolarning arizalari ko‘rib chiqilib, 2022/2023 o‘quv yili bahorgi semestrda o‘qishini ko‘chirishga tavsiya etilgan 50 dan ortiq OTM talabalarining ro‘yxati shakllantirildi.
"Ushbu ro‘yxatga kiritilgan talabalar o‘zlari tavsiya etilgan oliy ta’lim muassasasining o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha mas’ullariga uchrashishlari so‘raladi", deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, amaldagi tartibga ko‘ra talabalar o‘qishini ko‘chirish va qayta tiklash talabani qabul qilayotgan oliy ta’lim muassasasi bo‘ysunadigan vazirlik (idora) qarori asosida amalga oshiriladi.
Ro‘yxat bilan mazkur havola orqali tanishing.