TOShKENT, 17 fev — Sputnik. Aholiga quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun subsidiya beriladi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan PQ–57-sonli qarorida nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, 1-apreldan respublika hududlarida aholi xonadonlariga quyosh panellarini o‘rnatish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshiriladi. Ularning umumiy quvvati 50 kVt gacha bo‘ladi.
Kichik quvvatli quyosh panellarini 37 ming aholi xonadonlariga o‘rnatish rejalashtirilgan. Aholiga quyosh panellari orqali ishlab chiqargan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soati uchun 1 000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Shu bilan birga, umumiy quvvati 4 300 MVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushiriladi.
Ular quyidagicha:
2 100 MVt – yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari;
1 200 MVt – ijtimoiy soha obyektlari, xo‘jalik subyektlarining bino va inshootlari hamda xonadonlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari;
550 MVt – tadbirkorlar tomonidan barpo etiladigan kichik fotoelektr stansiyalari.
Shu yilning o‘zida ishga tushiriladigan qayta tiklanuvchi energiya manbalari:
Davlat-xususiy sheriklik asosida 27 ta yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari quriladi;
Foydalanishga topshiriladigan 765 ta ko‘p qavatli uylar qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlanadi;
20 mingta ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o‘rnatiladi;
jami 11 ming nafar tadbirkorning bino va inshootlarida quyosh panellari o‘rnatiladi hamda kichik fotoelektr stansiyalari quriladi;
hududlarda 103 ta kichik va mikro gidroelektrstansiyalar barpo etiladi;
5 407 ta ijtimoiy soha obyektlari ko‘mir bilan isitiladi.
Kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish ishlarini yangi tashkil etilgan “Yashil energiya” kompaniyasi amalga oshiradi.