TOShKENT, 16 fev – Sputnik Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya O‘zbekiston bilan savdo-sotiq aylanmasi hajmi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadi. 2022-yil yakuniga ko‘ra, ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3 224 million dollarni tashkil qildi.
“Rossiya va Xitoy bilan birgalikda Turkiya mamlakatimizning eng yirik investorlariga aylangan. Turkiya kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonlar soni keskin oshdi. Bundan tashqari, Turkiyada o‘zbek tadbirkorlari ishtirokidagi korxonalar soni ortib bormoqda”, - deydi “Ma’no” ilmiy tashabbuslar markazi direktori Baxtiyor Ergashev.
6 fevral kuni Turkiyada yuz bergan zilzilalar mamlakat ijtimoiy sohasi va iqtisodiyoti uchun jiddiy sinov bo‘ladi va bu uning hamkorlar bilan munosabatlariga ta’sir qilmay qolmaydi, deya ta’kidlaydi ekspert.
“Turkiyada sodir bo‘lgan fojeaviy hodisalar ikki mamlakatning tashqi saylo aylanmasiga ta’sir qilishi aniq. Bu muqarrar. Hozir ko‘plab turk kompaniyalari fors-major holati haqida ma’lum qilayotganiga misollar bor. Logistika bo‘yicha ham jiddiy cheklovlar, chunki, transport infratuzilmasi katta zarar ko‘rdi. Va bu operatsiyalarning aniq qismi kamayishiga olib keldi”, - deydi Baxtiyor Ergashev.
Biroq, mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat iqtisodiyoti katta zarar ko‘rmaydi, chunki zilzila asosiy ishlab chiqarish va ma’muriy markazlarga ta’sir qilmaganligi sababli, Turkiya nisbatan tez tiklanishi mumkin.
“Turkiya iqtisodiyoti va uning markazlari, bu esa Istanbul, mamlakatning shimoliy va g‘arbiy qismi, Qora dengiz sohillari, ya’ni asosiy qismiga zilzila ta’sir ko‘rsatmagan. Shu bois biz suhbatlashgan o‘zbekistonlik ishbilarmonlar bir yarim oy ichida barcha aloqalar yaxshilanishi va tiklanishiga umid bog‘lashmoqda. Bu masalada ijobiy dinamika kutilmoqda, amalga oshirilayotgan loyihalar va shartnomalar to‘liq amalga oshirila boshlaydi”, - deb hisoblaydi ekspert.
O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar ham xuddi shunday fikrda. “AGRO ORGANIC FOOD” MChJ qishloq xo‘jaligi korxonasi asoschisi Alisher Yusupovning taxmin qilishicha, Turkiya iqtisodiyotini tiklash uchun ikki oyga yaqin vaqt ketadi, shundan so‘ng boshqa davlatlar bilan hamkorlik qayta yo‘lga qo‘yiladi.
“Hozir hamkorlarimiz yo‘qotishlarni hisob-kitob qilishi kerak, buning uchun taxminan 2 oy kerak bo‘lishi mumkin. Turkiya kuchli davlat, deb o‘ylayman va tezda tiklanishiga umid qilaman. Meva-sabzavotlar eksporti va importiga kelsak, hammasi bartaraf etilgandan so‘ng, biz hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz”, - deydi u Sputnik muxbiri bilan bo‘lgan suhbatda.
Elektr tarmoqlarini qurish va quyosh panellarini o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi “SISTRONIK SYSTEM” kompaniyasi matbuot kotibi Siyovush Rahimov ham Turkiyadagi fojia kompaniya faoliyatiga katta ta’sir ko‘rsatmasligiga umid qilmoqda.
“Ta’sischimiz – turk millatiga mansub. Zilzila sodir bo‘lgan Qahramonmarashda tug‘ilib voyaga yetgan. Biz halok bo‘lganlar uchun chuqur qayg‘udamiz, qo‘limizdan kelgancha yordam ko‘rsatapmiz. Bu faoliyatimiz va ishlab chiqarishga katta ta’sir qilmasligiga umid qilyapmiz”, - deydi u.
Turkiya to‘qimachilik mahsulotlari import hajmi bo‘yicha Rossiyadan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi. O‘zbekistonlik tekstil ishlab chiqaruvchilari savdo-sotiqda uzoq davom etmaydigan pasayish bo‘lishini kutishmoqda.
“Turkiya – O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotining yirik bozorlaridan biri. Oxirgi voqealar natijasida savdo aylanmasining biroz qisqarishi kutilmoqda. Sababi, yetkazib berish zanjirlarining uzilishi, shuningdek, xomashyo va tovarlarning belgilangan joyga yetib borish vaqtining ko‘payishi. Lekin biz hamon Turkiya kuchli iqtisodiyotga ega davlat ekanligiga ishonamiz. Shu bois, prognozlarimiz bo‘yicha, yoz yoki kuzga yaqin hammasi tiklanadi”, - deydi Samarqanddagi paxta-to‘qimachilik klasteri vakili Umidjon To‘ychiyev.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya janubi-sharqidagi Qahramanmarash viloyatida 6-fevral kuni 9 soatlik interval bilan 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalar sodir bo‘lgan edi. Zilzila mamlakatning 10 viloyati va qo‘shni davlatlarida sezilgan. Ulardan Suriya eng ko‘p jabr ko‘rgan.
O‘zbekiston tabiiy ofat yuz bergan hududlarga Favqulodda vaziyatlar vazirligining 200 ga yaqin mutaxassisi, kinolog va shifokorlarni jo‘natdi. Qutqaruvchilar vayronagarchiliklarni bartaraf etishda davom etishmoqda.