Rossiyaga ishlashga yuborish bo‘yicha pilot loyiha hozircha davom etadi - tafsilotlar

Rossiya O‘zbekiston fuqarolarini ishlash uchun soddalashtirilgan tartibda jalb etish bo‘yicha hujjat loyihasi tayyorlamoqda. Hujjat qabul qilinib, kuchga kirgunga qadar pilot loyihasi amalga oshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 16 fev — Sputnik. Rossiyaga ishlashga yuborish bo‘yicha pilot loyiha hozircha davom etadi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya hukumati O‘zbekiston fuqarolarini qurilish sohasiga soddalashtirilgan tartibda ishga jalb qilish bo‘yicha pilot loyihasi to‘xtatilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Qayd etilishicha, hozirda Rossiya qurilish kompaniyalarining O‘zbekiston fuqarolarini ishlash uchun soddalashtirilgan tartibda jalb etish bo‘yicha pilot loyihasini to‘xtatib turish haqidagi hujjat loyihasi tayyorlanmoqda.
“Ammo, yuqoridagi akt qabul qilinib, kuchga kirgunga qadar pilot loyihasi amalga oshiriladi. Shu bilan birga, o‘zbekistonliklarni Rossiya iqtisodiyotining turli tarmoqlariga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tashkillishtirilgan holda jalb qilish ishlari davom ettirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Fuqarolar Rossiyada ishlash bo‘yicha batafsil ma’lumot olish uchun O‘zbekistonning Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga 71 202-33-55 yoki 1282 qisqa raqami orqali murojaat qilishi mumkin.