TOShKENT, 15 fev — Sputnik. Rossiyadan Turkiyadagi falokat zonalariga 80 tonna gumanitar yordam jo‘natildi va bir million dollardan ortiq mablag‘ o‘tkazildi. Bu haqda Turkiyaning Moskvadagi elchisi Mehmet Samsar ma’lum qildi.
“Hozirgi kunga qadar Turkiyadagi falokat zonasi ehtiyojlari uchun Rossiyadan 80 tonna gumanitar yordam jo‘natildi va 1 million dollardan ko‘proq mablag‘ o‘tkazildi”, - degan Samsar.
Turk diplomatining eslatishicha, falokatning birinchi kunidayoq Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdog‘an Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qilgan.
“Putin Turkiya rahbariga qo‘ng‘iroq qilib, hamdardlik bildirdi, shuningdek, zarur yordam yuborilishini ma’lum qildi. Ushbu tashabbuslar doirasida Rossiya idoralari zudlik bilan choralar ko‘rdi va birinchi kuniyoq 150 kishidan iborat qidiruv-qutqaruv guruhini uchta samolyot bilan yubordi”, - dedi diplomat.
Samsar shu kuni Rossiya favqulodda vaziyatlar vazirligi orqali Iskenderun portida sodir bo‘lgan yong‘inni o‘chirish uchun Turkiyaga samolyot yuborilganini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunga qadar Turkiyadagi falokat zonasida Rossiya Federatsiyasidan 350 ga yaqin mutaxassis, jumladan, favqulodda vaziyatlar vazirligi va mudofaa vazirligining qidiruv-qutqaruv guruhlari va shifokorlari bo‘lgan.
Uning qayd etishicha, Rossiya Federatsiyasi mudofaa vazirligi ham Turkiyaning jabrlangan hududlariga yordam yuborgan.
“Ikki kun oldin Rossiya idorasi ikkita samolyotda 500 ta chodir, 9 ming uxlashga mo‘ljallangan buyum va 9 ming karavot jo‘natdi. Rossiya Federatsiyasi favqulodda vaziyatlar vazirligi ham yordam ko‘rsatdi, jumladan, yuzdan ortiq qishki chodirlar jo‘natdi”, - dedi Samsar.
Turkiya janubi-sharqidagi Kaxramanmarash viloyatida 6-fevral kuni 9 soatlik interval bilan 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalar sodir bo‘ldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, tabiiy ofat oqibatida 35 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, 105 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.